Vazir o‘rinbosari Chiroqchi tumanidagi maktabda o‘quvchilarga dars o‘tdi

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov 4—5-dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi umumta’lim maktablarida bo‘lib, tumandagi 2-maktabning 5-sinf o‘quvchilariga ingliz tilida dars o‘tdi. Bu haqda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Panjiyev ma’lum qildi, deb yozadi Turon24.

Foto: Turon24

“O‘quvchilar uchun vazir o‘rinbosarining dars o‘tgani esda qolarli voqea bo‘ldi, – deydi 2-maktab direktori Bahodir Eshtemirov. – Vazir o‘rinbosari o‘quvchilarga Xalq ta’limi vazirligi nomidan proyektor va noutbuk sovg‘a qildi”.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddisining ma’lum qilishicha, vazir o‘rinbosari tashrif davomida tumandagi 4 ta maktab o‘quvchilariga vazirlik homiyligi bilan tashkil etilgan proyektor va noutbuklarni topshirgan.

“Otabek Anvarovich viloyatimizga tashrifi davomida tumandagi 3-, 24- va 140-maktablarda ham bo‘lib, o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi”, — dedi Maqsud Panjiyev.

Tumandagi 2-umumta’lim maktabi direktori Bahodir Eshtemirovning aytishicha, Otabek Nazirov maktab o‘quvchilari uchun sport anjomlari va futbol to‘plarini ham sovg‘a qilgan.

“Vazir o‘rinbosari maktabimizda basketbol sport turini rivojlantirish taklifini o‘rtaga tashladi, – deydi direktor Bahodir Eshtemirov. – Viloyatdagi mas’ul xodimlarga maktabda basketbolni rivojlantirish uchun shart-sharoit hozirlash xususida ko‘rsatma berdi”.

Vazir o‘rinbosari, shuningdek, o‘quvchilar davomati va maktab formasiga alohida to‘xtalib, ta’lim muassasalarining isitish tizimini ham ko‘zdan kechirgan.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 06.12.2018 / 19:33
Bosh sahifaga