Oliy Majlisda mudofaa tizimida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berildi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston qudratini mustahkamlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Rahimjon Hakimov, O‘zbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Ikramov ishtirok etdi.

Majlisda mudofaa vazirining o‘rinbosari Xavfsizlik kengashining 28-noyabrdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ko‘tarilgan masalalar hamda o‘tgan bir yil davomida vazirlik tizimida amalga oshirilgan ishlar xususida hisobot berdi.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, 2018-yilda harbiy xizmatchilar uchun 74 ta turar joy uchun uylar qurilgan bo‘lib, 2200 ga yaqin xonadonlar uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida hamda 614 ta xizmat xonadonlari qurilib, foydalanishga topshirish uchun tayyorlanmoqda (2017-yilda esa 56 ta uyda 1224 ta xonadon ipoteka keriti asosida hamda 416 ta xizmat xonadonlari harbiy xizmatchilarga berilgan edi). Joriy yilda 500 nafarga yaqin harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan bo‘lsa, ularning 338 nafari imtiyozli kvota asosida talabalikka qabul qilingan. Shuningdek, 1999—2000-yillarda Surxondaryoda sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida halok bo‘lgan 26 nafar qahramonning byustlari o‘zlari o‘qigan maktablariga o‘rnatilgan.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston mudofaa salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan bir qator takliflar ham bildirib o‘tildi. Jumladan, harbiy xizmatga chaqiruv muddatini fevral oyidan martning oxiri — aprel oylariga ko‘chirish, mavjud harbiy texnikani modernizatsiya qilish, uni saqlash sharoitini yaxshilash, ayrim ehtiyot qismlar va aslahalarni o‘zimizda ishlab chiqarish, ta’mirlashni yo‘lga qo‘yish, eskirib ketgan nizom va qo‘llanmalarni bugungi kun talabiga moslashtirish taklfilari bildirildi.

Bundan tashqari yig‘ilishda bir qator kamchiliklar ham sanab o‘tildi, xususan, Qurolli Kuchlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish bo‘yicha tizimli va kompleks tadbirlar tashkil qilingan bo‘lsada, o‘tkazilgan tadbirlarning harbiy xizmatchilarga ta’siri va natijadorligini baholash mezoni mavjud emasligi, Mudofaa vazirligi “Vatanparvar” Birlashgan tahririyati hamda Qurolli Kuchlar Media markazining o‘rni va ahamiyati sezilarli darajada emasligi ta’kidlandi.

Harbiy pensionerlarni jamiyatga moslashtirish maqsadida jamoat tashkilotlari bilan birgalikda reabilitatsiya markazlarini tashkil etish, harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash kabi masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi.

Yig‘ilishda Azizbek Ikramov tomonidan yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari vazirlik va idoralarining hamkorlikdagi harakatlarini axloqiy-ruhiy ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida axloqiy-ruhiy ta’minot konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish taklifi bildirildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ta’kidlash kerakki, Oliy Majlis binosida birinchi marta tashkil etilgan qurol-aslaha ko‘rgazmasi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Barcha ishtirokchilar namoyishga qo‘yilgan zamonaviy qurol-aslahalar hamda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun mo‘ljallangan yangi dala kiyim namunalari bilan tanishdi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 07.12.2018 / 10:58
Bosh sahifaga