Toshkent shahrida “Tashkent Central Park” ko‘p tarmoqli kompleksi quriladi
Toshkent shahrida “Tashkent Central Park” ko‘p tarmoqli kompleks qurilish loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida keltirilgan, deb yozadi Spot.
Qarorga binoan loyihani Turkiyaning “Taşkent Merkez Park Gayrimenkul Yatirim Anonim Şirketi” va O‘zbekistonning “UzTur Investment and Development” kompaniyasi amalga oshiradi.
Investorlar loyihani amalga oshirish doirasida 2019−2020-yillarda o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan loyiha hujjatlariga muvofiq besh yulduzli mehmonxona, savdo-ko‘ngilochar markaz, tijorat banki uchun ma’muriy binolar va boshqa inshootlar qurish majburiyatini oldi.
Loyihani amalga oshirish doirasida investorlar va pudrat tashkilotlariga:
- qurilishni “fast-track” uslubida, foydalanishga “tayyor holda topshirish” shartlarida amalga oshirishga;
- qurilish uchun olib kelinadigan import tovarlarni omborlarda “bojxona ombori” rejimida joylashtirishga ruxsat berildi.
Shuningdek, qarorga muvofiq, 2022-yil 1-yanvarga qadar investorlar va pudrat tashkilotlari yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlarni to‘lashdan ozod etildi.
Loyiha Toshkent shahar, Yunusobod tumanidagi Amir Temur shoh ko‘chasi, Shahrisabz va Istiqlol ko‘chalari doirasidagi umumiy maydoni 2,5 gektar bo‘lgan maydonda barpo etiladi.