Ichki ishlar vazirligi tizimida yangi malaka oshirish instituti tashkil etildi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi malaka oshirish instituti boshlig‘i Abdurahmon Pardiyev ichki ishlar xodimlarining malaka oshirishi sohasida olib borilayotgan ishlar haqidagi maqolasini “Daryo”ga taqdim etdi. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.

Foto: IIV matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishga qaratilgan bir qator hujjatlarida ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi hozirgi talablarga javob bermasligi, tizimni tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda yanada takomillashtirish, shuningdek xodimlarni, shu jumladan ularni xizmat faoliyatidan ajratmagan holda o‘qitish va doimiy malakasini oshirib borishning ichki ishlar organlari kadrlar salohiyatini oshirishga imkon beradigan sifat jihatdan yangi tizimini tashkil etish vazifasi belgilab berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-avgustdagi PQ-3919-son “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yangi tuzilma, “Malaka oshirish instituti” tashkil etildi.

Bu so‘zsiz Ichki ishlar vazirligi tizimida muhim voqea bo‘ldi. Chunki Ichki ishlar organlari xodimlarining tizimli va doimiy ravishda malakasini oshirish imkoniyatini yaratib beruvchi mutloq yangi tizimini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Malaka oshirish instituti mustaqil ta’lim muassasasi sifatida ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibidagi, shu jumladan barcha toifadagi raxbar xodimlarning malakasini oshirish bilan bog‘liq o‘quv faoliyatni olib borishi belgilandi.

Foto: IIV matbuot xizmati

Shuningdek, joylarda xodimlarni xizmatdan ajratmagan holda malakalarini oshirish uchun Ichki ishlar vazirligining barcha akademik litseylarida Malaka oshirish institutining filiallari (auditoriyalari) tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, o‘quv jarayoniga o‘qitishning zamonaviy shakl va usullarini, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni, shu jumladan situatsion mashg‘ulotlarni, masofadan o‘qitish tizimini joriy etish ta’minlanmoqda. Bunda o‘quv jarayoni “Modul tizimi” asosida tashkil etilib, uni yagona maqsadga yo‘naltirgan holda loyihalashtirish hamda kafolatlangan natijalarga erishishga qaratilgan. Barcha o‘quv mashg‘ulotlari amaliy yo‘naltirilib, interfaol metodlar va zamonaviy innovatsion pedagogik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llagan holda o‘tkaziladi.

O‘quv jarayonida an’anaviy ta’lim bilan birgalikda ta’limning noan’anaviy turlari, masofadan o‘qitish va joylarda sayyor o‘quv yig‘inlari tashkil etilishi, tinglovchilarni masofadan o‘qitish on-layn (video ma’ruzalar, maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida o‘tkazish) va off-layn (masofaviy ta’lim tizimidagi tegishli o‘quv-metodik resurslarni mustaqil ravishda o‘zlashtirish) shaklida amalga oshirish tartibi belgilandi. Sayyor o‘quv yig‘inlari esa xizmatdan ajratmagan holda xududiy bo‘linmalar xodimlari, shu jumladan barcha toifadagi rahbarlar bilan filiallarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa, xodimlarga malaka oshirish uchun qulaylik yaratib, vaqtning tejalishini va bunday tadbirlarga yo‘naltirilgan sarf-xarajatlarning sezilarli darajada qisqarishini ta’minlaydi.

O‘quv jarayonini sifatli loyihalashtirishni ta’minlash uchun o‘quv dasturlari mutaxassislikdan kelib chiqib, blok-modullar doirasida ichki ishlar organlari faoliyatini tashkillashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashish, bu boradagi samaradorlikni oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, muammolari va ularni bartaraf etish yuzasidan taklif hamda tavsiyalarni inobatga olib IIVning tegishli sohaviy xizmatlari bilan hamkolikda ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilar bilan ichki ishlar organlarida kunlik, haftalik, oylik amaliyot va stajirovka o‘tashlari, malaka oshirish kurslarida qatnashishlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ilmiy-tadqiqot ishlarini to‘g‘ri tashkillashtirish natijasida, shubhasiz o‘quv jarayonining sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli ichki ishlar organlari faoliyatida, birinchi navbatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasida mavjud bo‘lgan muammolar bo‘yicha fundamental va amaliyotga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi belgilandi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Malaka oshirish instituti tashkil etilishi nafaqat oddiy xodimlarni, balkim raxbarlarni ham xizmatdan ajratmagan holda to‘liq tarkibda malaka oshirishlarini, amaliyotdagi yangilik va ilg‘or tajribalarni tezkorlik bilan yetkazish imkoniyatini yaratadi.

Bugungi kunda, ilk marotaba Malaka oshirish institutining joylardagi filiallarida (auditoriyalarida) tuman-shahar ichki ishlar boshqarma (bo‘lim)lari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek ekspert-kriminalistika xizmati xodimlarining malakasini oshirish o‘quv yig‘inlarini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 07.12.2018 / 13:15
Bosh sahifaga