2018-yil O‘zbekiston armiyasi uchun qanday voqealar bilan yodda qoldi?

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati o‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston armiyasida ro‘y bergan eng muhim hodisalar ketma-ketligini taqdim etdi.

1) Qo‘shinlarda 1992—1993-yillardan beri birinchi marta tungi vaqtda parashyutdan sakrash, suv sathiga sakrash, guruh bo‘lib uchish mashqlari o‘tkazildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

2) Kursantlar o‘rtasida o‘tkazilgan IV Xalqaro olimpiadada O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari birinchi marta ishtirok etishiga qaramay, to‘rtta yo‘nalishida faxrli o‘rinlarni egalladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

3) “Chirchiq” umumqo‘shin dala o‘quv maydoni bazasida tank biatloni bo‘yicha musobaqa o‘tkazilishga mo‘ljallangan va xalqaro standartlarga mos bo‘lgan birinchi maxsus maydon barpo etildi. Mudofaa vazirligi miqyosida ilk bor “Tank biatloni” musobaqasi o‘tkaziladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

4) Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti (hozirda Qurolli Kuchlar akademiyasi) 100 yilligini nishonladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

5) O‘zbekiston hamda Qozog‘iston maxsus operatsiya kuchlari ishtirokida ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ikki bosqichdan iborat qo‘shma mashg‘ulotlar har ikki davlat hududidagi poligonlarda o‘tkazildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

6) Prezident qaroriga asosan, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim o‘quv yurtlariga 5 foizli kvota asosida o‘qishga qabul qilinadigan bo‘ldi. Bugungi kunda 350 ga yaqin harbiylarning farzandlari oliygohlarda shu imtiyozdan foydalanib o‘qimoqda.

7) O‘zbekiston Prezidentining 4 avgustdagi qaroriga ko‘ra, armiyada tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi joriy etilib, harbiy psixolog, sotsiolog lavozimlari kiritildi, Qurolli Kuchlar tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.

8) Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari IV Xalqaro armiya o‘yinlarida ikkinchi bor ishtirok etib, 6 ta sovrinli o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

9) Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida Mudofaa vazirligi Sport klubi a’zolari 10 ta oltin, 12 ta kumush hamda 11 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

10) Toshkentdagi “Universal” sport majmuida MDHga a’zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasidagi armiya qo‘l jangi chempionatida O‘zbekiston harbiylari jamoasi 5 ta oltin medal bilan birinchi o‘rinni qo‘lga qiritdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

11) Birinchi marta O‘zbekiston va Tojikiston respublikalari qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida Tojikiston hududida hamkorlikda “Jangovar hamdo‘stlik—2018” o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

12) Toshkentda birinchi marta MDHga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kenashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston respublikalarining mudofaa idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

13) O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo‘shin razvedkachilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida birinchilikni qo‘lga kiritdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

14) O‘zbekiston Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlaridan tarkib topgan “Sharq yulduzi” terma jamoasi Moskvada bo‘lib o‘tgan “Mudofaa vazirining KVN kubogi” xalqaro festivalida ishtirok etib, 2-o‘rinni egalladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

15) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning farmoyishiga binoan Mudofaa vazirligi qo‘shinlari tarixda birinchi marta o‘quv signali bo‘yicha yuqori jangovar shaylikka keltirildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Global Firepower tomonidan tuzilgan, 136 mamlakat qurolli kuchlari ishtirok etgan dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida 9 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, 39 o‘rinni egalladi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 31.12.2018 / 17:00
Bosh sahifaga