Milliy gvardiya vakillari Yangi yil arafasida Termizdagi bemorlarni yo‘qladi

Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘linmasi Termiz shahridagi shifoxonalarda davolanayotgan keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlar hamda ehtiyojmand oilalar farzandlari xolidan xabar olib, ularni Yangi yil bayrami bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan e’lon qilingan Vatanparvarlik oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilari mehnat faxriylari va ehtiyojmand bemorlarga dori-darmon ulashdi.

— Bayramlar arafasida ehtiyojmand oilalar, bemorlar va yoshi ulug‘ insonlar holidan xabar olib, ularni qo‘llab-quvvatlash yuksak fazilat, — deydi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori o‘rinbosari Turdiali Abdurahmonov. — Bunday ezgu ishlar bemorlarning tezroq oyoqqa turib ketishiga dalda bo‘ladi. Harbiylarning Yangi yil oldidan shifoxonamizga kelgani ham keksa avlod vakillari va ehtiyojmand bemorlarning ruhini ko‘tardi.

Foto: O‘zA

Yangi yil bolajonlarga quvonch ulashadigan sevimli bayram. Shu kuni Milliy gvardiya xodimlarining kutilmaganda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga kelgani bu yerda davolanayotgan o‘g‘il-qizlar uchun o‘zgacha kayfiyat ulashdi. Harbiylar qo‘lidan sovg‘a-salomni olgan bemor bolalar yuzida beg‘ubor tabassum paydo bo‘ldi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 31.12.2018 / 17:10
Bosh sahifaga