Farg‘ona vodiysi aholisi 31-dekabrdan bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlamoqda

Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari aholisi Yangi yilni issiq uylarda kutib oladi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.

Foto: O‘zA

Bir necha yildan beri kuz-qish davrida, havo sovuq kunlarda tabiiy gaz bosimining pasayishi yoki umuman tabiiy gaz bo‘lmasligi, ayniqsa, vodiy viloyatlari aholisining jiddiy tashvishiga aylangan edi. Bu masala aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lib, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar markazida edi.

Ushbu muammoni hal etish, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining “KazTransGaz” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilib, uning natijasi o‘laroq Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini bir maromda va barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha muhim kelishuv imzolandi.

31-dekabr kunidan e’tiboran Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib berish boshlandi. Bu jarayon vodiydagi ko‘p sonli aholi, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarini bir maromda va yuqori bosimda tabiiy gaz bilan ta’minlash imkonini yaratdi.

— Yangi 2019-yil Farg‘ona vodiysi iste’molchilari uchun qutlug‘ keladigan bo‘ldi, — deydi “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati raisi Bahodir Eshmurodov. — Qozog‘iston Respublikasining “KazTransGaz” kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvga asosan “Gazli — Chimkent —Toshkent — Pungon“ yo‘nalishi bo‘yicha tabiiy gaz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gazli gazni yer ostida saqlash inshootidan Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib beriladi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 31.12.2018 / 20:34
Bosh sahifaga