BMT IShID zaxiralari haqida gapirdi

Islom davlati terrorchilik tashkiloti 50 dan 300 million dollargacha moliyaviy zaxira hamda Iroq va Suriyada 14 mingdan 18 minggacha bo‘lgan jangarilarga ega, deya xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: RIA Novosti

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Vladimir Voronkov bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashi oldida so‘zlagan nutqida ma’lum qilgan.

Voronkov o‘z ma’ruzasida “Islom davlati” tarafida jang qilayotgan jangarilar orasida hali ham uch mingga yaqin xorijiy terrorchi borligini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IShIDning oxirgi yo‘qotishlari hech qanday darajada qanoatlantirilmasligi lozim, sababi tashkilot hozirgi kunda maxfiy tarmoqqa aylanmoqda va uning faoliyat tahdidi dunyoning turli mintaqalarida Yaqin Sharq, Shimoliy va G‘arbiy Afrika, Sharqiy Afrikadan Yevropagacha, Markaziy va Janubiy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyoda saqlanib qolmoqda.

7-fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kelajakda IShID tomonidan band bo‘lgan hududlarni to‘liq ozod qilish kutilayotganini ma’lum qilgandi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 12.02.2019 / 11:00
Bosh sahifaga