Jahongir Ortiqxo‘jayev: Toshkentda uylari buzilganlarga har doim sharoitlari yaxshiroq turar joylar berilgan

Toshkentda uylari buzilganlarga har doim sharoitlari yaxshiroq bo‘lgan turar joylar berilgan. Bu haqda shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

“Bolaligimdan, men esa Toshkentdan 44 yildan buyon yashab kelmoqdaman, yaxshi uyni buzib yomonini berishganini eslolmayman. Har doim 10−20 foizga yaxshiroq yashash imkonini berishgan. Boshqa tumanda, balki noqulay tumanda bo‘lishi mumkin, biroq odamlarning hayot darajasi bunga qadar yashaganlaridan yomonlashmagan. Bu, menimcha, eng asosiysi”, — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Avvalroq Yunusobod Business City qurilishi rejalashtirilayotgan Yangi Shahar va Chinobod ko‘chalari kesishmasidagi 237 ta uyda istiqomat qiluvchi aholini ko‘chirish bo‘yicha ishlar boshlangani xabar qilingandi. Hokim so‘zlariga ko‘ra, odamlarni “yangi uylar kutmoqda”.

“Yunusobod tumanidagi Otchopar mahallasida yashovchilar, sizga o‘sha yerga borish va o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rish, odamlar bilan suhbatlashishni tavsiya qilaman. Odamlar yangi uylar qachon berilishini kutishmoqda. Ularga kvartira Yangiyo‘ldan berilsa ham farqi yo‘q — borishadi. Ular bunga rozi. U yerda yashab bo‘lmay qolgan. Oddiy gigiyena yo‘q u yerda”, — dedi poytaxt ma’muriyati rahbari.

Aholiga istagiga ko‘ra Sergeli tumanidagi yangi uylar yoki Yunusobod tumani “Uch qahramon” mahallasidagi ikki qavatli kottejlarga ko‘chish taklif qilinmoqda.

“Sergelida tayyor uylar bor, borishsin. Bu ularning xohishiga bog‘liq. Agarda istashmasa, ’Uch qahramon’ mahallasida yetti oyda ikki qavatli villalar quramiz. Bir uy — bir villa bo‘ladi. Farqi yo‘q u yerda qancha oila yashaydi — uch, balki to‘rt oila. Lekin ular bungacha yomon sharoitlarda yashashgan. Villa qimmatroqqa tushishi mumkin. Agar biz baholaydigan bo‘lsak, ular yutqazishmaydi. Almashish bo‘ladi”, — deya izoh berdi hokim.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 12.02.2019 / 10:51
Bosh sahifaga