Samarqand paxta tozalash korxonasida 116,5 mln so‘mlik texnik chigitni talon-toroj qilmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Samarqand viloyatidagi paxta tozalash korxonalaridan birida texnik chigit tovarshunosi A.K. Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi M. ismli shaxs bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, 2018-yil hosilidan ishlab chiqarilgan ikkinchi nav birinchi sinfli jami 101,7 ming kilogramm, umumiy qiymati 116,5 million so‘mlik juda ko‘p miqdordagi texnik chigitni 11 ta yuk tashuvchi mashinaga yuklagan holda, soxta hujjatlar asosida olib chiqib ketayotganda qo‘lga olingan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Ushbu talon-torojlik O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Inspeksiyasining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida aniqlangan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 12.02.2019 / 20:34
Bosh sahifaga