Xalq ta’limi vazirligi maktabda o‘qimaganlarga ham attestat berilishi haqidagi xabarga izoh berdi

Bir necha ommaviy axborot vositalarida “Endi maktabda o‘qimaganga ham attestat beriladi” mavzusida maqolalar chop etildi. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati mazkur maqolalar bo‘yicha vazirlik izohini taqdim etdi.

Foto: “Zarnews.uz”

O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasida umumiy o‘rta ta’limning majburiy ekanligi belgilangan. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga bolalar 6—7 yoshdan qabul qilinadi va umumiy o‘rta ta’limning majburiy ekanligi inobatga olib maktablarga o‘quvchilar 18 yoshgacha jalb etiladi.

Shu bilan birga, o‘quvchilarning bilim olish huquqini ta’minlash va ta’limning keyingi bosqichini davom ettirishiga imkoniyat yaratish maqsadida voyaga yetib, maktab yoshidan oshgan, turli sabablarga ko‘ra maktabni yakunlay olmagan yoki majburiy ta’limga jalb etilmay qolgan 18 yoshga to‘lgan fuqarolarga eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalarni topshirish huquqi beriladi. Yakuniy attestatsiyalarni muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolargagina belgilangan tartibda ma’lumot to‘g‘risida hujjat (shahodatnoma) beriladi.

Bu haqida Xalq ta’limi vazirining 2015-yil 13-apreldagi “Eksternat to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 9-mh-sonli buyrug‘i qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda maktabda o‘qimaganlar attestat olishi uchun imtihonlar tashkil qilinishi haqida xabar berilgan edi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 14.03.2019 / 21:25
Bosh sahifaga