Qurolli Kuchlar akademiyasida NATO qo‘mondonligi bilan videokonferensiya uyushtirildi

Buyuk Britaniya Qirollik harbiy akademiyasi mutaxassislari O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi professor-o‘qituvchilari tarkibi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Qirollik harbiy akademiyasi professorlari Ed Flint hamda Dunkan Anderson Qurolli Kuchlari akademiyasida harbiy ta’lim olayotgan kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, ta’lim sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha o‘z maslahatlari bilan bo‘lishdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Akademiya professor-o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida so‘nggi paytlarda ko‘p tilga olinayotgan va dunyo ahli uchun katta muammoga aylanib ulgurgan “Gibrid urushlari” mavzusiga alohida to‘xtaldi. Bu bo‘yicha dunyo miqyosida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va ularning natijalari qayd etildi. Akademiya professor-o‘qituvchilari mazkur dolzarb mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Mashg‘ulotning ikkinchi kunida Niderlandiyaning Bryunsyum shahridagi NATOning Birlashgan kuchlar qo‘mondonligi bilan videokonferensiya ham uyushtirildi. Unda NATO mutaxassislarining O‘zbekistonga galdagi rejalashtirilgan tashrifi oldidan “Amaliyotlarni rejalashtirish jarayoni” mavzusida uslubiy-yo‘riqnoma mashg‘uloti o‘tkazildi. Videokonferensiyani NATO mutaxassislari Mishel Tereza Uard, Lejik Boyarskiy va Grzegors Remizevskiy olib bordi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 14.03.2019 / 22:21
Bosh sahifaga