Navoiyda tibbiy mehnat komissiyasi raisi nogironligi bor shaxsdan olgan porasini qaytarib berayotganda ushlandi

Navoiyda tumanlararo tibbiy mehnat ekspert komissiyasi raisi nogironligi bor shaxsdan olgan porasini qaytarib berayotganda ushlandi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Mazkur jinoyat Karmana tumanida yashovchi II guruh nogironi fuqaro G.J.ning Navoiy viloyat IIB boshlig‘iga murojaati asosida fosh etildi.

Unda fuqaro kasallik oid nafaqa muddatini uzaytirish uchun xulosa olish maqsadida Navoiy tumanlararo tibbiy mehnat ekspert komissiyasiga murojaat qilganligini, Sh. ismli komissiya raisi kasalligi to‘g‘risidagi xulosani ikki yillik qilib tayyorlab berish evaziga 1 million 400 ming so‘m talab qilayotganligini bayon etadi.

Fuqaro G.J.ning arizasi asosida Navoiy viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi va Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi hodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, komissiya raisi Sh.S. ikkinchi guruh nogironi G. J.dan nogironlik to‘g‘risidagi xulosani ikki yillik qilib berish evaziga joriy yil 3-aprel kuni pora sifatida olgan 500 ming so‘m pulni qaytarib berayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 15.04.2019 / 12:10
Bosh sahifaga