O‘zbekiston va Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida bitim imzolandi

Oliy darajadagi O‘zbekiston — Qozog‘iston muloqoti samimiy va amaliy ruhda o‘tdi. Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning turli sohalariga oid o‘nga yaqin hujjat imzolandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev qo‘shma bayonotni qabul qildi. Soliq rezidentligini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarni tan olish tartibi, O‘zbekiston va Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan ikki mamlakat fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida bitimlar, “Markaziy Osiyo” savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini tashkil etish to‘g‘risida memorandum va boshqa sohalarga oid kelishuvlar imzolandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2019—2020-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Qozog‘iston Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum qabul qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifingda davlat rahbarlari muzokaralar qardoshlik munosabatlariga xos anglashuv va samimiyat ruhida o‘tganini, hamkorlikning barcha jihatlari atroflicha ko‘rib chiqilib, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 15.04.2019 / 16:40
Bosh sahifaga