O‘zbekistonda Milliy gvardiya xodimlari xizmat o‘tashini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasi tayyorlandi

Normativ-huquqiy hujjatlar portalida Milliy gvardiya xodimlari bilan ishlash va ularning xizmat o‘tashini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hujjatga muvofiq, quyidagilar Milliy gvardiya bo‘linmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:

Bo‘sh lavozimlarni o‘z kasbiy fazilatlari, xulq-atvori va madaniyat darajasi bilan namuna bo‘lgan istiqbolli kadrlar bilan jamlash mexanizmini joriy etish;

ish tajribasi vorisiyligi, yosh xodimlarning xizmatga amaliy moslashishi, kasbiy shakllanish jarayonini tezlashtirish hamda ularda xizmat vazifasi bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirishni ta’minlovchi samarali ustoz-shogird tizimini joriy etish;

xodimlar o‘rtasida barqaror professional kadrlar tarkibini shakllantirish, xodimlarning uzoq muddatli xizmatini rag‘batlantirish, shuningdek, kadrlarning professional va shaxsiy fazilatlari hamda qobiliyatlarini inobatga olgan holda lavozimlarga optimal taqsimlash.

Pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddati kalendar hisobida yigirma yilni tashkil qiladi, ulardan imtiyozli hisoblanadigan davri xodimlarga pensiya miqdori hisoblanayotgan vaqtdagina inobatga olinadi.

Milliy gvardiya xodimlariga o‘rnatilgan pul ta’minotining me’yorlari jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida faoliyat yurituvchi Milliy gvardiya tizimlarining xodimlariga ham tadbiq etiladi.

Milliy gvardiya xodimlari Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalari kunduzgi, sirtqi ta’lim shaklida, kasbiy tayyorgarlik fakultetida, rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti (oliy kurslar)da belgilangan tartibda tayyorlanadi, qayta tayyorlanadi va malakasini oshiradi.

Xodimlarning bolalari davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga yashash yoki xizmat o‘tash joyi bo‘yicha navbatdan tashqari qabul qilinadi.

Milliy gvardiyaning xizmat intizomi va benuqson uzluksiz xizmati uchun tashabbuskor va vijdonli xodimlarini taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining faxriy xodimi” idoraviy ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 16.04.2019 / 10:09
Bosh sahifaga