Farg‘onada ko‘rshapalak uyasini saraton kasaliga davo deb, fuqaroni 15 300 dollarga chuv tushirgan shaxs qo‘lga olindi

Uchko‘prik tumani Yoyilma qishlog‘ida yashovchi fuqaro M.B. IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, qo‘qonlik Sh.M. uni aldab 15 300 dollarini qo‘lga kiritganini ma’lum qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Google Images

Arizada qayd etilishicha, 2018-yilning oktabrida Qo‘qon shahrida yashovchi 1993-yilda tug‘ilgan Sh.M. ko‘rshapalak uyasi saraton kasaliga davo ekanligini aytib, uning yashash xonadoniga yelim idishga o‘ralgan narsani olib kelgan. Uni aldab, qurilish materialidan ishlangan narsani “ko‘rshapalak uyasi” deb bergan. Evaziga uning 15 300 dollar (125 583 012 so‘m) pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Tergovga qadar tekshiruv davrida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, fuqaro Sh.M.ning harakatlarida Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari borligi aniqlandi. Unga nisbatan mazkur modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari tugatilib, ish sudga yuborildi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 16.04.2019 / 11:31
Bosh sahifaga