Andijondagi MTMlarga yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari biriktirildi

Andijon viloyatidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan bolalar o‘rtasida yo‘llarda harakatlanish va yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Andijon viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

Boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik Saidolim Zingirov ma’lum qilishicha, viloyat hokimining 2019-yil 8-apreldagi ko‘rsatmasiga asosan Yevropa tajribasidan kelib chiqqan holda bog‘cha yoshidagi bolalarga yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha ko‘nikmalar berish maqsadida boshqarma qoshida ishchi guruhlar tashkil etilgan va barcha maktabgacha ta’lim muassasalariga tizimda faoliyat olib borayotgan 174 nafar xodim biriktirilgan. Ular haftaning har juma “Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni”da bilim maskanlarida bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlarni interaktiv usullarda olib bormoqdalar. Shuningdek, ushbu mashg‘ulotlarga tarbiyalanuvchilarning ota-onalari ham jalb qilinmoqda.

Foto: Andijon viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

— Haqiqatdan ham bolalarimizda oldinga qarab harakatlanadigan transport vositalarining turlari haqida bilim va tasavvur yo‘q, — deydi Saydullo Zingirov. — Ya’ni ular o‘yinchoqlar olamidagi transport vositalarining harakatiga qiyoslagancha har qanday avtomashinani bir lahzada to‘xtatish mumkinligiga ishonadilar. Shuning uchun ham bola yo‘lda o‘z xatti-harakatlariga nisbatan mas’uliyatni his qilmaydi. Uning bu harakati qanday oqibatlarga olib kelishini ham, piyoda yurganida shaxsiy xavfsizligi haqida ham o‘ylamaydi. Ushbu tashabbus sodir bo‘lish mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar, baxtsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi. Eng asosiysi kelgusidagi faoliyatimiz davomida biz uchun ham yaxshigina asqotadi.

Foto: Andijon viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 16.04.2019 / 11:52
Bosh sahifaga