Mastercard tarmog‘ida “HUMO International” to‘lov kartalari qabul qilinadi

Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) va Mastercard xalqaro to‘lov tizimi o‘rtasida memorandum imzolandi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

Memorandum imzolanishi Mastercard tarmog‘ida “HUMO International” to‘lov kartalari qabul qilinishini nazarda tutadi.

Hamkorlikning birinchi yo‘nalishi — “HUMO International” to‘lov kartasi chiqarish va ularni Mastercard xalqaro tarmog‘ida to‘lash uchun qabul qilishni ta’minlash. Memorandum imzolanishi natijasida “HUMO International” to‘lov kartalari dunyoning 70 milliondan ortiq savdo nuqtasida qabul qilinadi.

“HUMO International” to‘lov kartalari egalari Mastercard tarmog‘idagi barcha nuqtalarda xaridlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishi, xususan, oldindan mehmonxonalarni band qilish, internet orqali chiptalarni sotib olish va boshqa onlayn operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin. Ushbu kartalardan nafaqat chet el, balki O‘zbekistonda ham foydalanish mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi yo‘nalish — jamoat transportida naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish. MBPM va Mastercard metroda haq to‘lashda HUMO to‘lov kartalari va Mastercard kartalaridan foydalanish bo‘yicha Toshkent metropoliteni bilan hamkorlikda pilot loyihasini amalga oshirishni kelishib oldi. Ushbu loyihani amalga oshirish bir necha oyni talab qiladi, ammo uni yaqin orada amalga oshirish rejalashtirilgan.

Hamkorlikning yana bir muhim jihati firibgarlikdan himoya qilishga qaratilgan yangi yuqori texnologik mahsulot va yechimlarni taklif qilish yo‘li bilan to‘lov tizimining barcha ishtirokchilari xavfsizligini kuchaytirish bo‘ladi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 15.05.2019 / 19:36
Bosh sahifaga