Adliya vazirligi: Tadbirkorga yetkazilgan zarar sud orqali hal etilishi kutilmoqda

Adliya vazirligi tomonidan Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Xolbuvi Opa Baraka” MChJ rahbari Xolbuvi Tangirovaning ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘layotgan muammosi o‘rganildi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Adliya vazirligi

O‘rganish ishlari natijasida Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani hokimining 2018-yil 19-iyundagi 1251-son qaroriga asosan fuqaro Xolbuvi Tangirovaga 124 gektar yer maydoni ajratilganligi aniqlandi. Ushbu qarorga asosan “Xolbuvi Opa Fayz” fermer xo‘jaligi tashkil etilib, tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018-yil 28-iyunda 618819-son reyestr raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

2018-yil dekabr oyida fuqaro Xolbuvi Tangirova ta’sischiligida “Xolbuvi Opa Baraka” MChJ tashkil etilgan hamda tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018-yil 6-dekabrda 631664-son reyestr raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ajratilgan 124 gektar yer maydoni MChJga biriktirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 974-son “Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Tashkent Cotton Textile Cluster MChJga paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa mahsulotlarni, shuningdek, chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlari yetishtirishni tashkil qilish uchun Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida doimiy egalik qilish hamda foydalanish huquqi bilan 35,4 ming gektar sug‘oriladigan yer va 3,1 ming gektar baliqchilik ko‘llari ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 974-son, Toshkent viloyati hokimining 2018-yil 3-dekabrdagi 926-son qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan Quyichirchiq tuman hokimining 2018-yil 10-dekabrda 2245-son hamda 2019-yil 23-yanvarda 91-son qarorlari qabul qilingan.

Tuman hokimining 2019-yil 23-yanvarda 91-son qaroriga asosan Tashkent Cotton Textile Cluster MChJ tarkibiga kiradigan agrosanoat korxonalarga 37,182 gektar yer maydoni ajratilgan.

Buning oqibatida, fuqaro Xolbuvi Tangirovaga qarashli 124 gektar yer maydoni Tashkent Cotton Textile Cluster MChJga o‘tkazilgan.

Biroq, fuqaro Xolbuvi Tangirovaga yetkazilgan zarar qoplanmasdan qolgan.

Vaholanki, Yer kodeksining 86-moddasi, 5-bandida zararning o‘rni olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari ajratib beriladigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan, shuningdek, faoliyati yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining huquqlari cheklanishiga yoki yaqin atrofdagi yerlarning sifati yomonlashuviga olib borgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi belgilangan.

Hozirgi kunda Toshkent viloyati savdo-sanoat palatasi tomonidan fuqaro Xolbuvi Tangirovaga yetkazilgan zararni undirish yuzasidan Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Quyichirchiq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan hamda sudning 2019-yil 6-maydagi 4-1103-1901/779-sonli ajrimiga asosan ishni ko‘rib chiqish 22-may kuni soat 12:35 ga belgilangan.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 15.05.2019 / 21:20
Bosh sahifaga