Qashqadaryoda marhum fuqaroga o‘limidan 14 yil o‘tib elektrdan 44 mln so‘m jarima yozilgani ma’lum bo‘ldi

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani, Mesit qishlog‘ida yashovchi Bodom Shodiyeva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, 2003-yilda vafot etgan turmush o‘rtog‘i Elmurod Do‘satov nomiga o‘limidan 14 yil o‘tib tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilganligi va 44 044 294 so‘m jarima qo‘llanganini ma’lum qilgan. Bu haqda “Xalq so‘zi”ga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ma’lum qildi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Murojaat o‘rganilganda, tuman elektr ta’minoti korxonasi nazoratchilari tomonidan marhum E. Do‘satov nomiga dalolatnoma yozilib, jarima summasi esa B.Shodiyevaga tegishli bo‘lgan xonadonga ochilgan 0410456 raqamli abonent raqamiga kiritilganligi aniqlandi. Biroq, o‘rganish jarayonida ushbu dalolatnomani elektr ta’minoti korxonasi mas’ullari topib berolmadi.

Bundan ko‘rinadiki, sobiq nazoratchilar xonadonga bormasdan, u yerda yashovchilar bilan uchrashmasdan, guvohlarsiz dalolatnoma rasmiylashtirgan va jarima hisoblagan.

Fuqarolik kodeksining 351-moddasida “Agar majburiyatni qarzdorning shaxsiy ishtirokisiz bajarish mumkin bo‘lmasa yoki majburiyat boshqacha tarzda qarzdorning shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa, qarzdor vafot etishi bilan majburiyat bekor bo‘ladi” deb belgilab qo‘yilgan.

Kodeksning mazkur moddasi talablaridan kelib chiqib, “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJga marhumning zimmasidagi qarzdorlikni uning hisobidan chiqarish yuzasidan ma’lumot kiritilib, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limiga tegishli hujjatlar taqdim etildi.

Marhum E.Do‘satov qarz yukidan xalos bo‘ldi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 15.05.2019 / 22:38
Bosh sahifaga